RASMIY AXBOROT
2025-12-06 14:00:00 / Yangiliklar
2025 yil 6 dekabr kuni soat 09:40da Buxoro viloyati Kogon tumani “Mustaqillik” MFY hududida joylashgan “SHAMS LTD” MChJga qarashli togʼ-kon sanoati korxonalari uchun portlovchi moddalarni ishlab chiqarish sexida chaqnash (portlash) roʼy berib, oqibatda yongʼin kelib chiqqan.
Yongʼin Buxoro viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 7 ta qutqaruv boʼlinmalari tomonidan soat 10:27da toʼliq oʼchirildi.
“SHAMS LTD” MChJ 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Markaziy Osiyo va Oʼzbekiston togʼ-kon sanoati korxonalari ehtiyojlari uchun yangi konlarni oʼzlashtirishda qoʼllaniladigan portlovchi moddalarni yetkazib berishga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi.
Korxonaga qarashli ishlab chiqarish sexida roʼy bergan chaqnash vaqtida omborda 30 nafar ishchi boʼlgan, ulardan 4 nafari vafot etgan.Yengil darajada tan jarohati olgan 4 nafar xodim shifoxonaga joylashtirilgan, ularning 2 nafariga ambulator tibbiy yordam koʼrsatilib, uyiga ruxsat berilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning topshiriqlariga muvofiq Sanoat,radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʼmitasi raisi А.Rafiqov boshchiligida masʼul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish boʼyicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam koʼrsatish, portlash oqibatlarini bartaraf qilish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish choralarini koʼrish vazifasi yuklatildi. Hozirda yongʼin sodir boʼlgan hudud toʼliq nazoratga olinib, uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.
