ILMIY-TEXNIK KENGASH YIGʼILISHI
2025-11-21 21:00:00 / Yangiliklar

Yigʼilishni qoʼmita raisi А.Rafiqov olib bordi. Unda taʼkidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda sanoat sohasini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilayotganligi, biroq, amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan olib borilgan tahlillar, bu sohada hal etilishi lozim boʼlgan qator masalalar borligini koʼrsatmoqda. Xususan, Qoʼmita ish yurituviga Oʼzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining 2025-yil 29-oktyabrdagi “Qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablari va unga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʼgʼrisida”gi taqdimnomasi qabul qilinganligi, shuningdek, sohada qonunchilikdagi boʼshliqlarni bartaraf etish uchun bir qator qonun hujjatlariga oʼzgartirishlar kiritish, ayrimlarini yangidan xalqaro normalarga muvofiqlashtirish va yangidan ishlab chiqish hamda ayrim sohalarda yangi qonunlarni amaliyotga joriy etish zarurati tugʼilmoqda. Hozirga kelib, qoʼmita tashabbusi bilan Oʼzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obʼektlarining sanoat xavfsizligi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuniga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida”gi, “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi, “Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʼlish toʼgʼrisida”gi, “Kimyoviy xavfsizlik toʼgʼrisida”gi Qonun loyihalari ishlab chiqildi. Kengash reglamentiga koʼra kun tartibidagi asosiy masalalardan boʼlgan Bosh Prokuraturaning 2025-yil 29-oktyabrdagi taqdimnomasida keltirilgan masalalarni qoʼmitaning korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha bosh mutaxassisi atroflicha tushuntirib, masala yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va gelgusidagi vazifalar boʼyicha maʼlumotlar berdi. Kun tartibidagi keyigi masalalar, Oʼzbekiston Respublikasining 4 ta qonun loyihalari boʼyicha ijrochilar amalga oshirilgan ishlar, hozirgi holati yuzasidan kengash ishtirokchilariga atroflicha maʼlumot berildi. Tanqidiy va tahliliy kechgan yigʼilish kun tartibidagi masalalardan kelib chiqib, belgilangan vazifalarning oʼz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida Kengash qarori qabul qilindi.




