KONSTITUTSIYASI KUNI BAYRAMIGA TAYYORGARLIK
2025-11-21 14:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish, “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy hamda boshqa tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
b) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov):
a) Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq
va ovullarda ko‘tarinki ruhda nishonlanishini;
b) barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlasin.
3. Joylarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramini yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:
a) yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topayotganini ko‘rsatib berish;
b) yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashdagi o‘rni va rolini yoritish;
v) “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligini ochib berish;
g) yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning tadbirkorlik va xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangidan-yangi yutuqlar va natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratib berganini keng jamoatchilikka tushuntirish;
d) nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng targ‘ib qilish;
j) Konstitutsiya bayrami arafasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslarini, shu jumladan, atoqli huquqshunoslar, olimlar, sud, adliya va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari rahbar va xodimlari ishtirokida o‘tkazish.
4. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari, vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan;
b) Toshkent shahrida – Tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining va Toshkent shahar hokimligining zaxira jamg‘armalari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2025 yil 21 noyabr
