Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida ustuvor xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
2024-08-20 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari
1. Iqtisodiy erkinlik indeksining Mehnat bozori erkinligi indikatorida Eng kam ish haqi yo‘nalishida O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida” 2024-yil 13-avgustdagi PF-108-son Farmoniga muvofiq joriy yil 1-oktabrdan mehnatga haq to‘lash miqdorining eng kam miqdori 1 155 000 so‘mga oshirildi. Bu esa ushbu indeksning yaxshilanishiga ta’sir ko‘rsatadi.
Daromadli mehnat bilan band aholi 14 mln kishidan ortdi. So‘nggi ikki yarim yilda ish o‘rinlari tashkil etish va ishsizlarni ishga joylashtirishdan tashqari, qo‘shimcha ravishda quyidagi bandlik xizmatlari ko‘rsatildi (2 yil 7 oy):
343 ming nafari aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi;
177 ming nafari fuqaroga subsidiya mablag‘lari ajratildi;
1090 ming nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratildi
819 ming nafar fuqaroga ijara asosida yer ajratildi.
2. “Ayollar, biznes va qonun” indeksining Ish joyi va Mehnatga haq to‘lash indikatorlarida ham reytingni yuqorilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-iyundagi O‘RQ-932-son Qonuni bilan Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-son (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) va 2024-yil 12-martdagi O‘RQ-918-son Qonuni bilan Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-son Konvensiyalari (Jeneva, 1949-yil 1-iyul) ratifikatsiya qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 15-16-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan 55-yalpi majlisida Xalqaro mehnat tashkilotining To‘liqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash to‘g‘risidagi 175-son Konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi Qonun loyihasi ma’qullandi.
3. Huquq ustuvorligi indeksining Asosiy mehnat huquqlari indikatori bo‘yicha Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga solishda quyidagi ishlar amalga oshirildi.
2024-yil yanvar-iyul oylarida 9 146 ta tekshirish va o‘rganishlar o‘tkazilgan bo‘lib, unda 25 482 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan, ulardan 15 693 tasi mehnat munosabatlari va 9 789 tasi mehnatni muhofaza qilish masalalariga to‘g‘ri keladi.
O‘tkazilgan tekshirish va o‘rganishlar iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, Xalq ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limida – 4 118 ta (45%), sog‘liqni saqlashda – 639 ta (7%), qishloq xo‘jaligida – 416 ta (4,5%), Oliy ta’limda – 269 ta (2,9%), qurilishda – 454 ta (4,9%) va boshqa iqtisodiy sohalar (sanoat, neftgaz, savdo, kimyo, aloqa, transport, bank va boshqa tarmoqlar)da – 3 250 ta (35,5%) ulush to‘g‘ri kelmoqda.
Mehnat munosabatlarini tartibga solish yo‘nalishida aniqlangan qonunbuzilish holatlarining eng katta ulushi mehnat ta’tillari bo‘yicha – 19%, ish haqini to‘lamaslik bo‘yicha – 15,8%, bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish – 9,6%, mehnat shartnomalarini noto‘g‘ri rasmiylashtirish bo‘yicha – 6,5%, mehnat daftarchasi yuritilishi bo‘yicha – 5%, elektron mehnat shartnomalar tuzmaslik – 4,6%, ishdan noqonuniy bo‘shatish – 3% va boshqa yo‘nalishlar – 36,1% tashkil qiladi.
Mazkur aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan ijrosi majburiy bo‘lgan 3 954 ta yozma ko‘rsatma berilgan, yuqori turuvchi tashkilotlarga 117 ta taqdimnomalar yuborilgan va aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 5 174 ta ma’muriy jarima solish bo‘yicha qarorlar qabul qilingan.
Bundan tashqari, joylarda mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha qonunbuzilish holatlarini oldini olish borasida davlat mehnat nazorati inspektorlari tomonidan jami 5 637 ta targ‘ibot ishlari o‘tkazilgan, jumladan 3 385 ta seminar, konferensiya va davra suhbatlari tashkil etilgan, internet, televidenie, radio, gazeta va jurnallarda 772 ta chiqishlar tashkillashtirilgan, 515 ta «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazilgan hamda 965 marta ishonch telefon orqali tushuntirishlar berilgan.
