Kambag‘allikni aniqlash yangi metodga asoslanadi
2024-08-27 18:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev shu kunlarda poytaxtimizda o‘tayotgan "Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik bo‘yicha xalqaro hamkorlik tarmog‘ining 9-yig‘ilishi"da ma’lum qildi.
Vazir alohida ta’kidladiki, O‘zbekistonda kambag‘allikni aniqlash bo‘yicha yangi bosqichga qadam tashlanayapti. Shu vaqtgacha minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash orqali kambag‘allik chegarasi belgilangan bo‘lsa, endilikda ko‘p o‘lchovli metodlardan foydalanishga o‘tiladi.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha Xitoy tajribasi muhim o‘rin tutdi. “Individual dastur”lar ishlab chiqilib, aholining daromadlarini oshirish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.
Ikki ehtiyoj - oziq-ovqat va kiyim-kechak, uch kafolat - sifatli o‘rta ta’lim, tibbiy xizmat va boshpana bilan ta’minlash tizimidan foydalanila boshlandi.
Xususan, kambag‘al oila vakillarini kasb-hunarga o‘qitish, ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb qilish va ko‘maklashish kabi yangi mexanizmlar joriy qilindi.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha qilingan ishlar natijasini – maktabgacha ta’lim qamrovi 28 foizdan 74 foizga, maktab ta’limi 100 foizga, oliy ta’limga qamrov 10 foizdan 42 foizga oshganida ham ko‘rish mumkin.








