Ayоllar va bolalar huquqlarini himoyа qilish masalalari bo‘yicha seminar o‘tkazildi
2026-04-23 18:25:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 martdagi PF-33-sonli “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida vazirlik markaziy apparatida amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tasarufiy tashkilotlar rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha Maslahat-kengashining raisi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari R.Turdiboyeva kun tartibidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida” PF-33-son Farmoni mazmun-mohiyati haqida gapirib, mazkur Farmon mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, ayniqsa, ayollar va bolalarni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berganligini ta’kidladi.
Farmonda jamiyatda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda mazkur sohada samarali institutsional mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilganligi qayd etib o‘tildi.
Seminar davomida Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar, jumladan, erta nikoh holatlarining oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga ongli tayyorlash, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilarga nikoh yoshini tartibga solish, nikoh shartnomasini rag‘batlantirish, yosh oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga homilador talaba-qizlar va yosh onalar uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangiliklar tushuntirildi.
Tadbirda tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, jabrlanuvchilarni himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish, “SOS” chaqiruv tizimlari, maxsus elektron platformalar va idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha jazo muqarrarligini ta’minlash, shuningdek, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar institutini joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan Farmon ijrosini samarali ta’minlash, jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish hamda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.


