Buyuk ajdodlar merosiga ehtirom
2026-04-07 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi hamda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan “Daholarga beshik bo‘lgan yurt!” nomli adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zFА “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi ilmiy bo‘lim mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Elmira Hazratqulova, shoir A.Oripovning qizi, jamoat faoli Shoira Oripova hamda vazir o'rinbosari Ra'no Turdiboyeva ishtirok etib, buyuk ajdodlarimizning boy merosi, adabiyotning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Tadbir davomida Sohibqiron Amir Temur siymosiga yuksak hurmat bajo keltirilib, uning jasorati, davlat boshqaruvidagi dono siyosati va “Kuch — adolatda” degan ulug‘ tamoyili bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganligi ta’kidlandi. Ajdodlarimizning buyuk merosi milliy g‘urur va iftixorimiz ekanligi e’tirof etildi.
Mazkur ma’naviy kecha ishtirokchilarda milliy qadriyatlarga hurmat va adabiyotga muhabbat tuyg'ularini mustahkamladi.
