Grant mablag'larni jalb qilish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-03-13 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o’rinbosari Ra'no Turdiboyeva Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ)ning Markaziy Osiyoda yashil iqtisodiyot uchun yashil ko‘nikmalar loyihasi rahbari Udo Folkers bilan uchrashdi.
Unda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda GIZ PROGRESS – “Professional Green Skills for Central Asia” xalqaro loyihasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik “yashil” iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash, kasbiy malaka tizimini rivojlantirish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yangi kasblarni shakllantirishga qaratilgan.
Memorandum doirasida “yashil” kasblar uchun zamonaviy kasbiy standartlarni ishlab chiqish, qayta tiklanuvchi energiya va boshqa “yashil” tarmoqlar uchun malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, milliy malaka baholovchi ekspertlar korpusini shakllantirish hamda malaka baholash metodologiyasi va markazlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik amalga oshiriladi.
Ushbu tashabbuslar milliy malaka tizimini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va aholi uchun yangi bandlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi hamda mamlakatda barqaror rivojlanish tamoyillarini keng joriy etishga va “yashil” iqtisodiyot uchun zarur zamonaviy kadrlar salohiyatini shakllantirishga hissa qo‘shadi.


