Prezident Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston ayollarini 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi
2026-03-06 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ayollarni ishli va daromadli qilish masalasi hamisha e’tibor markazida.
✔️O‘tgan yili xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 23,5 trillion so‘m kredit yo‘naltirildi. Buning hisobidan 425 mingdan ortiq opa-singillarimiz tadbirkorlikka jalb qilindi.
Misol uchun, to‘qimachilik sohasida 300 nafar ayollarni band qilgan yangiariqlik Nargiza Bekmuratova o‘tgan yili ikkinchi fabrikani ochib, yana 100 ta ish o‘rni yaratdi. Ushbu ishbilarmon qizimiz 2025-yilda Anqara shahrida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda “Xotin-qizlar uchun eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor ayol” nominatsiyasining g‘olibi bo‘ldi.
“Men bunday serg‘ayrat qizlarimizni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari deb bilaman. Ularni har qancha qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”,
– dedi Prezidentimiz.
– Joriy yilda 166 ming xotin-qiz zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari esa axborot texnologiyalari sohasiga o‘qitiladi.
✔️Shuningdek, xotin-qizlar o‘z uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturi boshlanadi.
✔️Bu orqali lider tadbirkorlar ko‘magida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik yo‘nalishlarida 50 ming ayolning bandligi ta’minlanadi. Bundan tashqari, “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trillion so‘m ajratiladi.
✔️Umuman, joriy yilda 1,5 million ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish bo‘yicha katta marra olingan. Ushbu maqsadlar uchun 25 trillion so‘mdan ziyod resurs yo‘naltiriladi.


