“Anjir sayli”
2025-08-09 10:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 9-avgust kuni Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasida “Anjir sayli” o‘tkazildi.
Bir necha yillardan beri Samarqandda an’anaga aylanib kelayotgan navbatdagi anjir sayli o‘tkazildi. Bundan asosiy maqsad, ushbu mevani yetishtirishni ommalashtirish, yo‘qolib ketayotgan noyob turdagi anjir ko‘chatlarini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Bog‘bonlarimiz tomonidan yangicha, in-vitro usulda yetishtirilgan 6 oylik ko‘chatlar bepul tarqatilyapti. Tadbirning yana bir ahamiyatli jihati, bugungi kunda turizm maskaniga aylangan Bog‘ibalanddagi anjirzorda o‘tkazilayotgani.
Tadbirda soha mutaxassislari, tadqiqotlar instituti xodimlari hamda mahalliy chet ellik sayyohlar faol ishtirok etdi. Qatnashchilar anjir va undan tayyorlangan sharbat, murabbo hamda turli milliy va Yevropa taomlaridan tatib ko‘rdi. Ularni tayyorlash jarayonlari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan maxsus mahorat darslari tashkil etildi.
Kelgusida Xitoy tajribasi asosida issiqxonalarda anjir yetishtirish, Yaponiya usulida xurmodan mayiz va chipslar tayyorlash, “Namunali bog‘ ko‘chasi” loyihasini amalga oshirish, 100 gektarlik zamonaviy agrokompleks majmuasi tashkil etish belgilandi.






