Matbuot anjumani
2025-12-23 10:00:00 / Yangiliklar

Agrosanoatni rivojlantirish agentligida 2025 yil davomida “Bog‘dorchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda Agentlik rahbariyati, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan yil boshida mamlakatimizda sifatli meva mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, qir-adir, tog‘ oldi, lalmi yerlar hamda samarasiz bog‘ va tokzorlar o‘rnida sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlarni barpo etish, qayta ishlash va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan.
Bugungi kunda ushbu rejalar ijrosi doirasida qator ijobiy natijalarga erishildi. Shu bilan birga, fermer va dehqon xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida davlatimiz tomonidan belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda jami 29,2 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 17,3 ming gektari bahor mavsumida, 11,9 ming gektari esa kuz mavsumida amalga oshirilishi belgilangan edi. Joriy yilning bahor oylarida jami 19,2 ming gektar maydonda bog‘ va tokzorlar tashkil etildi, bu bahorgi rejaga nisbatan 111 foizni tashkil etadi. Shundan 14,2 ming gektari bog‘, 5,0 ming gektari tokzor hisoblanadi. Bahor mavsumida barpo etilgan maydonlarning 9,0 ming gektari tog‘ oldi va qir-adir hududlarda, 10,2 ming gektari esa samarasiz va yaroqsiz bog‘ hamda tokzorlar o‘rnida tashkil etildi.
Joriy yil kuz oylarida esa jami 11,7 ming gektardan ortiq maydonda, shu jumladan 8,8 ming gektar bog‘ va 2,9 ming gektar tokzor barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu maydonlarning 4,5 ming gektari tog‘ oldi va qir-adir hududlarda, 7,2 ming gektari esa samarasiz bog‘ va tokzorlar o‘rnida tashkil etiladi.
Ayni paytda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi viloyat hokimliklari, fermer va dehqonlar hamda tadbirkorlar bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab belgilangan bog‘ va tokzorlarni barpo etish ishlarini jadal sur’atlarda davom ettirmoqda.
Shuningdek, joriy yilning yanvar–sentyabr oylari davomida respublika bo‘yicha qiymati 1,5 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 1 million 600 ming tonna meva mahsulotlari dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilingani ta’kidlandi. Yangi barpo etilgan bog‘lar 2–3 yil ichida hosilga kiradiganini inobatga olganda, yaqin 3–5 yil ichida meva mahsulotlari eksporti hajmi 30 foizgacha oshishi kutilmoqda.
Erishilayotgan ushbu natijalar Prezidentimiz tomonidan bog‘dorchilik sohasini rivojlantirish uchun yer egalariga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, berilgan imtiyozlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari hamda ilg‘or tashabbuslar samarasi ekani qayd etildi. Buning natijasida O‘zbekiston jahon bozori uchun meva yetishtirish va eksport qilishda yirik markazlardan biriga aylanib bormoqda.
Xususan, o‘rik yetishtirish bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida Turkiyadan keyin ikkinchi o‘rinni, o‘rik eksporti bo‘yicha esa Italiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, gilos, uzum va shaftoli eksporti bo‘yicha ham mamlakatimiz yetakchi davlatlar qatorida.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar berildi.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi axborot xizmati
Manzil: Тоshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sodiq Azimov ko‘chasi 42-uy
E–pochta: garden@agro.uz
Tel.: +998 77 310 05 56









