Sog‘lom turmush tarzi – sog‘lom jamiyat poydevori
2025-10-31 15:30:00 / Ommaviy tadbirlar

Ma’ruzachi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sog‘lomlik va strategik rivojlanish instituti mas’ul xodimi Sayyora Kamilova ishtirok etdi.
U o‘z chiqishida zamonaviy ish sharoitida xodimlarning sog‘lig‘ini asrash, mehnat unumdorligini oshirishda sog‘lom turmush tarzining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Ma’ruzada noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida yuzaga kelayotgan yurak-qon tomir, semizlik, qandli diabet kabi kasalliklarning oldini olish yo‘llari, jismoniy faollik va ruhiy muvozanatni saqlashning ahamiyati keng yoritildi.
Shuningdek, sog‘lom ovqatlanishning asosiy tamoyillari — kunlik ratsionni muvozanatlashtirish, meva-sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilish, shakar va yog‘ miqdorini cheklash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Ma’ruzada zararli odatlar — chekish, alkogol iste’moli va jismoniy harakatsizlikning inson organizmiga salbiy ta’siri haqida dalillarga asoslangan tahlillar keltirildi. Sayyora Kamilova bunday odatlarni tashlashda irodaviy mustahkamlik, sog‘lom muhit va jamoaviy qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.
Tadbir davomida xodimlar bilan sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini tashkil etish, mehnat jarayonida dam olish va jismoniy faollikni uyg‘unlashtirish bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazildi.
Mazkur ma’rifiy tadbir xodimlarda o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashish, sog‘lom hayot tamoyillarini kundalik turmush tarziga tatbiq etish motivatsiyasini oshirdi.









