O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi agrar aloqalar mustahkamlanmoqda
2025-10-17 21:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or Yapon tajribasini O‘zbekiston agrar sohasiga joriy etish, shuningdek, investitsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish va innovatsion yechimlarni tatbiq etish orqali hamkorlikni kengaytirish borasida kelishuvga erishdilar.
Xususan, Farg‘ona viloyatida davlat va xususiy sektor hamkorligida ipakchilik sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, ushbu yo‘nalishda zamonaviy va o‘zaro manfaatli sherikchilikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Yapon texnologiyalari asosida choy yetishtirish, logistika va “smart” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti negizida Yapon tili va agrotexnologiyalar yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va amaliy tajriba almashish dasturlarini yanada kengaytirish masalalari ham muhokama etildi.
Muloqot yakunida Alisher Shukurov Yaponiya delegatsiyasi bilan belgilangan barcha loyihalarni Qishloq xo'jaligi vazirligi vakolat doirasida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, ushbu uchrashuvni O‘zbekiston agrar sohasida texnologiya, ta’lim va innovatsiyalar uyg‘unligiga asoslangan hamkorlikning yangi davri deb baholadi.









