Uzum hosili — mehnat, baraka va mo‘l-ko‘llik mevasi
2025-10-16 15:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda tuman hududida 69 nafar fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyat yuritmoqda. Jami 641 gektar uzumzor maydonning 105 gektari xo‘raki, 536 gektari esa sanoatbop navlardan iborat. Har yili bu tokzorlardan 7 500 tonnadan ortiq uzum hosili olinmoqda.
Yig‘ib olingan hosilning 4 400 tonnasi qayta ishlash korxonalariga, 1 600 tonnasi aholi iste’moliga, yana 1 500 tonnasi esa viloyatlar va Toshkent shahar bozorlariga yetkazib berilmoqda.
Bu yil tuman hududida 30 gektardan ortiq yangi, tomchilatib sug‘oriladigan tokzorlar barpo etildi. Zamonaviy texnologiyalar hosildorlikni oshirish, suvdan samarali foydalanish va uzum sifatini yaxshilash imkonini bermoqda. Kelgusi yilda yana 50 gektar yangi tokzor tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda fermer va dehqonlar uzum hosilini yig‘ib olish, uni sanoat korxonalari hamda bozorlarga yetkazib berish bilan band. Har bir terilgan shoda orqasida mehnat, e’tibor va fidoyilik mujassam.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tuman mutaxassislari fermerlarga qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha zarur agrotavsiyalar bermoqda. Ular tokzorlarni kesib ko‘mish, yerlarni mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, qator oralarini shudgorlab ko‘kat ekish kabi masalalarda amaliy yordam ko‘rsatishmoqda.
Toshkent tumanining tokzorlarida hosil terimi davom etmoqda — bu jarayonlar nafaqat iqtisodiy foyda, balki mehnatsevar insonlar qo‘lidan bitayotgan baraka va to‘kinlik ramzidir.






