Aqlli texnologiyalar – kelajak qishloq xo‘jaligining asosi
2025-10-15 21:30:00 / Yangiliklar

Mazkur texnika O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning samarali natijasi bo‘lib, joriy yilning fevral oyida Malayziya davlatiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida imzolangan bitimlar doirasida tatbiq etilmoqda. Unga ko‘ra, “Meraque Group” kompaniyasi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida aqlli texnikalar va dronlarni mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Bugungi kunda ushbu kelishuvlarning amaliy bosqichlari izchil davom etmoqda. Xususan, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda aqlli qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, mutaxassislar tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda aqlli texnikalar va dronlar bilan ishlovchi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturi yaratish ishlari olib borilmoqda.
Amaliy hamkorlikning natijasi sifatida o‘tkazilgan bugungi dala seminari ham ana shu yo‘nalishdagi yutuqlarning amaliy ifodasiga aylandi. Tadbirda vazirlik vakillari, ilmiy xodimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar, bog‘bonlar, dehqonlar hamda soha mutasassislari ishtirok etdilar.
Malayziya mutaxassislari tomonidan “RACE Alpha 350” texnik vositasi amalda sinovdan o‘tkazildi. Qurilma sun’iy intellekt, aniq navigatsiya tizimi va samarali purkagich bilan jihozlangan bo‘lib, dala ishlarida inson omilini kamaytiradi va mehnat unumdorligini bir necha barobarga oshiradi. Eng e’tiborlisi, texnika 10 gektar maydonda ishlash uchun atigi 3 litr benzin sarflaydi. Barcha jarayonlar maxsus mobil ilova orqali boshqariladi — bu esa o‘g‘it, yoqilg‘i va vaqtni tejash imkonini beradi.
Seminar ishtirokchilari — olimlar, fermerlar va talabalar bunday aqlli texnikalar O‘zbekiston sharoitida samarali qo‘llanishi mumkinligini e’tirof etdilar. Ularning ta’kidlashicha, bu kabi texnologiyalar ekologik barqarorlikni ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbir davomida o‘zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan mahalliy innovatsion ishlanmalar ham namoyish qilindi.








