O‘zbekiston–Xitoy: qishloq xo‘jaligida barqarorlik va samaradorlik sari
2025-07-31 18:25:00 / Yangiliklar

Mazkur tashrif doirasida O‘zbekistonning 30 nafar agrar soha mutaxassisi va olimlari Xitoyning ilg‘or tajribalari, ayniqsa agrologistika tizimi hamda organik qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrifning ilk kuni delegatsiya a’zolari Nankin Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari logistika markazida bo‘lishdi. Yillik savdo hajmi 80 milliard yuandan ortiq bo‘lgan, 20 million aholiga xizmat ko‘rsatadigan mazkur majmua Xitoyda agrologistika tizimining muvaffaqiyatli modeli sifatida e’tirof etiladi. Markazda Shinjon, Tibet kabi uzoq va g‘arbiy hududlardan yetkazilgan mahsulotlarning samarali taqsimoti orqali mamlakat ichida kambag‘allikni kamaytirish va qishloq hududlarini rivojlantirishga xizmat qilayotgan tizim ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu yerning o‘zida Xitoy–Shinjon Yangi ko‘mak savdo markazi direktor o‘rinbosari Cao Xiaoxia boshchiligida ochiq muloqot shaklida davra suhbati tashkil etildi. Unda Jiangsu sabzavotchilar uyushmasi raisi U Junpin texnologik hamkorlik, transchegaraviy taqsimot va uzoq muddatli muloqot mexanizmlariga asoslangan hamkorlik modelini taklif qildi. Mazkur yondashuv O‘zbekiston bilan agrar sohadagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlarini kengaytirishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Nankin logistika markazi bosh direktori Kuang Kai O‘zbekistonning paxta va yong‘oq mahsulotlari Xitoyning yuqori sifatli mahsulotlari bilan uyg‘unlashtirilib, zamonaviy taqsimot markazlari orqali ikki xalq manfaatiga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi.
Tashrifning ikkinchi kuni Qinbang Jipin organik fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishishga bag‘ishlandi. Mazkur xo‘jalikda butun ishlab chiqarish jarayoni – guruch va soya yetishtirishdan tortib, chorvachilikka qadar – sun’iy o‘g‘it va kimyoviy vositalarsiz, ekologik aylanish prinsiplariga asoslangan tarzda tashkil etilgan. Fermentatsiya, mikroorganizmlar orqali oziqlantirish va chiqindisiz ishlab chiqarish modeli ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Umuman olganda, Xitoy Tashqi savdo vazirligi, Shinjon Yangi ko‘mak savdo markazi hamda Jiangsu viloyati Sabzavotchilar uyushmasi hamkorligida, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etilgan mazkur malaka oshirish dasturi Xitoyning xalqaro miqyosdagi tashqi iqtisodiy hamkorlik loyihalari qatorida muhim amaliy tashabbus sifatida e’tirof etildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Xitoyning ilg‘or tajribasini yuqori baholab, uni mamlakat agrar amaliyotiga joriy etish muhimligini ta’kidladilar.
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti professori Sardor Abdullayev Xitoyning logistika, xavfsizlik va ishlab chiqarishni muvofiqlashtirishdagi yondashuvini rivojlanayotgan davlatlar uchun namunali ekani, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi eksperti Iroda Aralova Xitoy bozori kadrlar salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutishini, “O‘zdavyerloyiha” DILI bo‘lim boshlig‘i Aziza Mingbayeva esa Jiangsu viloyati tajribasi O‘zbekiston mahsulotlarini xalqaro bozorga olib chiqishda katta imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi.
Tashrif yakunida tashkil etilgan umumiy davra suhbatida ishtirokchilar amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan taklif va savollar bilan chiqish qildilar. Delegatsiya a’zolari o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lgan ilg‘or tajribalarni mamlakatimiz agrar sohasida joriy etishga tayyor ekanliklarini bildiridilar.
Xulosa qilib aytganda, Jiangsu sabzavotchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu malaka oshirish dasturi O‘zbekiston–Xitoy agrar hamkorligining yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Bu kabi tashabbuslar ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishda muhim vositaga aylanmoqda.




