Ayrim payvandtagli ko‘chatlarni xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplanadi
2025-07-29 17:05:00 / Yangiliklar

Nizom tadbirkorlarga muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva va tok ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Subsidiyalar quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
– yangi intensiv bog‘ barpo etgan talabgorga hamda dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga ekilgan muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan “in-vitro” sharoitida ko‘paytirilgan payvandtagli meva ko‘chatlarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq har bir meva ko‘chatiga 25 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
– muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan uzumning danaksiz va yangi nav ko‘chatlariga 7,5 ming so‘mdan, mahalliy tok ko‘chatlariga 2 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.
Talabgor subsidiyani olish uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali quyidagilarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:
– sog‘lom, viruslardan holi bo‘lgan "in-vitro" laboratoriyasida ko‘paytirilgan payvandtagli ko‘chatlarning muvofiqlik sertifikati nusxasi;
– talabgor bilan “in-vitro” sharoitida ko‘chat yetishtiruvchi ko‘chatchilik xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi nusxasi;
– ko‘chatlar sotib olingani bo‘yicha hisob-faktura, “in-vitro” sharoitida ko‘chat yetishtiruvchi ko‘chatchilik xo‘jaligining tavsiyasi va muvofiqlik sertifikati bo‘yicha 3-yillik kafolat xati.
Ishchi guruh hujjatlarni 3 ish kunida joyiga chiqqan holda o‘rganadi va subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi yoki rad etish to‘g‘risidagi xulosani tasdiqlaydi.
