UNFSS+4: xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy yondashuvlar
2025-07-28 13:30:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ishtirok etmoqda.
Sammit BMTning Afrika uchun Iqtisodiy komissiyasi (UNECA) konferensiya markazida o‘tkazilmoqda. Tadbir global oziq-ovqat tizimlarini barqaror, inklyuziv va adolatli yo‘nalishda rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, unda BMTga a’zo davlatlar vakillari, hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, yetakchi olimlar, fuqarolik jamiyati vakillari, xususiy sektor mutasaddilari hamda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari qatnashmoqda.
Sammitni Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmed Ali hamda Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni tantanali tarzda ochib berdi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa sammitga onlayn tarzda murojaat yo‘lladi.
Tadbir doirasida ikki kun davomida yuqori darajadagi uchrashuvlar, vazirlar ishtirokidagi davra suhbatlari, investitsion muloqotlar, hamkorlik forumlari hamda milliy taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Dastlabki kun — “Action Day” doirasida turli sahna tashriflari, yon tadbirlar va norasmiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Asosiy sessiyalarda global oziq-ovqat xavfsizligi, moliyalashtirish va investitsiya bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishda davlatlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan agrar islohotlar, innovatsion yondashuvlar va oziq-ovqat tizimining barqarorligini ta’minlash borasidagi amaliy ishlar yuzasidan batafsil taqdimot qilindi.
29-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan yakuniy sessiyada esa milliy va global miqyosdagi ustuvor yo‘nalishlar, transformatsion bosqichlar hamda 2030-yilgacha bo‘lgan umumiy harakatlar bo‘yicha kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: Sammitdagi asosiy sessiyalar BMTning rasmiy tillari — arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan tillarida sinxron tarjima bilan ta’minlangan. Qatnashuvchilarning ishtiroki esa har bir davlat uchun 1+1 formatida (asosiy delegat va hamroh) cheklangan.




