Qishloq xo‘jaligi sohasini ilmiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar muhokama etildi
2025-07-25 12:15:00 / Yangiliklar

Markazning majlislar zalida o‘tkazilgan mazkur tadbirda Markaz direktori Shohruh Akramov, direktor o‘rinbosari Dilfuza Egamberdiyeva hamda sohaga ilmiy yondashuv asosida faoliyat olib borayotgan olimlar, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari Durbek Ahmedov, Dilrabo Khalbayeva hamda bir qator qo‘mita a’zolari ishtirok etdilar.
Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan o‘zgarishlar, barcha sohalar qatori agrar va suv xo‘jaligi tarmoqlaridagi islohotlar, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralar, bu borada ilmiy yondashuvni kengaytirish muhim strategiya sifatida qaralishi lozimligi haqida fikr yuritildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan strategiyalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, agrar sohaga ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining olimlari va yetuk mutaxassislarini jalb qilgan holda zamonaviy agrotexnologiyalarni yaratishga oid vazifalarni tahlil qilish va takliflar ishlab chiqishga qaratilgandir.
Shuningdek, Markaz faoliyatida xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, dehqon va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltirilishi orqali hududlarda yangi loyihalarni moliyalashtirish, oziq-ovqat tanqisligining oldini olish, yetishtirilayotgan mahsulotlar sifatini nazorat qilish, agrar tarmoqda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish orqali eksport salohiyatini oshirish muhim vazifa sifatida belgilanganligi ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilish davomida Markaz tomonidan Hukumat kafilligi asosida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan loyihalar doirasida 2 milliard AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgani, shundan o‘zlashtirilgan mablag‘ 1 milliard 400 million dollarni tashkil etgani, kelgusida bu ko‘rsatkich yanada kengayishi, shu kungacha 7 500 dan ortiq loyiha moliyalashtirilgani hamda natijada 58 386 ta yangi ish o‘rni yaratilgani haqida ham axborot berildi.
Uchrashuv mehmonlari Markaz tomonidan nafaqat yangi loyihalar, balki mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, amaliy tadqiqot va ishlanmalarni joriy etish, hududlarga mos yuqori sifatli urug‘ va ko‘chatlar ishlab chiqarilishini ko‘paytirish, tuproq, suv va boshqa elementlar tahlilining innovatsion usullarini joriy etish, raqamlashtirish kabi muhim yo‘nalishlarda ham natijalarga erishilayotganini qayd etdilar. Buning uchun ilmiy-tadqiqot muassasalariga belgilangan tartib asosida jami 115 million AQSh dollari mablag‘ ajratilgani ilm-fan rivojiga qo‘shilgan katta hissa sifatida e’tirof etildi.
Tadbir davomida qonun ijodkorligi jarayonlari va parlament nazorat tadbirlarini olib borishda Markaz bilan hamkorlikning ahamiyati haqida so‘z yuritilib, bu boradagi kelgusidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.







