Sabzining alternarioz kasalligi va qarshi kurash usullari
2025-07-23 13:00:00 / Yangiliklar

Omborxonada saqlash davrida sabzining har xil joylarida biroz botiq, qora, quruq dog‘lar paydo bo‘ladi va ular sabzi to‘qimalarining ichiga chuqur tarqaladi; sabzini kesganda zararlangan to‘qimalarning rangi to‘q-qora tusda bo‘ladi. Yuqori namlik sharoitida zararlangan to‘qimalar ustida mitseliy, konidiofora va konidiyalardan tashkil topgan kulrang-yashil mog‘or hosil bo‘ladi.
Kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ urug‘lik va o‘simlik qoldiqlarida saqlanib qoladi. Zararlangan ildizmevalar urug‘ olish uchun ekilganda, chiqqan o‘simlik yoz boshlarida gullamasdan qurib qolishi yoki kam va zararlangan urug‘ hosil qiladi.
Kurash usullari:
Agrotexnik kurash: vegetatsiya davrida agrotexnik qoidalariga to‘liq rioya qilish, begona o‘tlarni yo‘qotish, tinim davrida kasallangan ildizmevalarni saqlash omborlarida saralab yo‘qotish, organik va mineral o‘g‘itlarni solish zarur;
Biologik kurash: O‘suv davrida sabziga "Trichoderma asperellum" (Orgamika F - 2,0 l/ga) va 2 haftadan keyin "Bacillus amiloliquefaciens" (Orgamika S - 2,0 l/ga) asosli biologik preparatlarini qo‘llash;
Kimyoviy kurash: kasallikning dastlabki belgilari boshlangan davrda ta’sir etuvchi moddasi "Propamokarbgidroxlorid", "Azoksistrobin" + "Difenokanazol", "Boskalid" + "Piraklostrobin" asosli fungitsidlardan birini qo‘llash tavsiya etiladi.
