Tuproq sho‘rlanishi va uning oldini olish
2025-07-16 13:10:00 / Yangiliklar

Sho‘rtoblangan tuproqlar deb, singdirish sig‘imida > 5 % Na singgan holatdagi almashinuvchi natriy va magniy kationlari mavjud bo‘lgan tuproqlarga aytiladi.
Sho‘rlanishning kelib chiqish sabablari
1. Tabiiy (quruq va yarim quruq iqlimga ega davlatlarda bu muammo tabiatan mavjud. O‘zbekiston ham shu iqlimga ega davlat);
2. Tuproq ona jinsida sho‘rlanish muammosini keltirib chiqaruvchi anion va kationlarning mavjudligi. Yuqorida ikki muammo insonlar omilisiz tabiatda mavjud lekin quyidagi inson omillari sabab jarayonni tezlashtirib, xavfni oshirmoqda:
a) meliorativ holati yomon suv bilan sug‘orish (zovur suvlari, tuzlari miqdori ko‘p bo‘lgan sifatsiz artizan suvlari);
b) sug‘orishni to‘g‘ri tashkil qilmaslik. Odatda bostirib sug‘orish sizot suvlar sathining ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi;
c) drenaj tizimlarining yaxshi ishlamasligi;
d) me’yoridan ortiq mineral o‘g‘it solish;
e) chuqur kirib boruvchi ildiz tizimiga ega bo‘lgan o‘simlik va daraxtlar qoplamini yo‘q qilish.
Yer tuprog‘ining sho‘rlanishi bo‘yicha, tuzlar tarkibini aniq bilishda laboratoriyaga murojaat qilish orqali tuproqni anion va kationlar tarkibi bo‘yicha shuningdek, singdirish sig‘imini tahlildan o‘tkazish orqali qaysi turdagi sho‘rlanish borligini bilib olishingiz mumkin. O‘zbekiston sharoitida asosan sho‘rlangan tuproqlar ko‘p uchraydi.
Tuproq sho‘rlanishining oldini olish va qarshi kurashish
1. Sug‘orishni to‘g‘ri tashkil qilish imkon qadar bostirib sug‘orishdan voz kechishdir. Tomchilatib sug‘orishni tadbiq qilish tavsiya qilinadi.
2. Drenaj tizimlarini muntazam ish holatida saqlash.
3. Mineral o‘g‘itlarni tabaqalashtirib, ya’ni agrokimyoviy xaritalar asosida berish.
4. Tuproqni organik chirindiga boyitish. Bunda to‘shama hosil qilib o‘suvchi(Cover Crop) o‘simliklarni ekish, sederatlash, organik chirindi solish. Bu sizot suvlarning bug‘lanishini oldini oladi.
5. Fitomeliorator va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekish. Masalan, qizil miya, baliqko‘z, qizilsho‘ra, oqsho‘ra, arpa, qand lavlagi, tritikale kabilar.
6. Suvda oson eriydigan tuzlarni kamaytirishda gipsdan foydalanish. Bunda yuqori sho‘rlangan maydonlarga 100 m2 150 kg atrofida solish tavsiya qilinadi.
7. Biochar va kompost solish.
8. Sho‘r yuvish ishlarini olib borish.
Agar tuproq sho‘rlanishi va uning oldini olish, sho‘rlanishning kelib chiqish sabablari, tuproq sho‘rlanishining oldini olish va qarshi kurashish, suvni tejash usullari, innovatsion yondashuvlar va xalqaro tajribalar qiziqtirsa, “Suv” kitob to‘plamidagi “Sug'orishda tuproq xususiyatlari” nomli nashr aynan siz uchun.
Unda sohaga oid dolzarb ma’lumotlar, amaliy tavsiyalar va ilg‘or tajribalar yoritilgan.
Suvdan samarali foydalanishga oid bilimlaringizni oshirishni istasangiz, ushbu kitobni o‘qib chiqishni tavsiya qilamiz.
Kitobni yuklab olish: https://api-portal.gov.uz/uploads/24/2025/07/16/90bf09c1-b21c-18b0-2b6f-541eb012cc1d_media_.pdf
