“Daltex” kompaniyasi tajribasi — O‘zbekistonda kartoshkachilik rivojiga turtki
2025-07-14 21:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi. Misrning cho‘l hududlarini obod etishdagi, zamonaviy, suvni tejovchi texnologiyalarni — xususan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini samarali tatbiq etishdagi boy tajribasi O‘zbekiston uchun dolzarb ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Xususan, “Daltex” kompaniyasining kartoshka yetishtirish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish borasidagi muvaffaqiyatli amaliyoti katta qiziqish uyg‘otdi.
Ma’lumot o‘rnida: “Daltex Corporation” Misrning 12 ta hududida 45 ming gektar yer maydonida faoliyat yuritadi. Har yili kompaniya tomonidan 200 ming tonnadan ziyod kartoshka yetishtirilib, Germaniya, BAA kabi mamlakatlarga eksport qilinadi. Bundan tashqari, yiliga 50 ming tonna sitrus mevalar va xalqaro sertifikatlarga ega uzum yetishtiriladi. Bugungi kunda kompaniya mahsulotlari 60 dan ortiq mamlakatlar bozoriga eksport qilinmoqda.
Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasida zamonaviy qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanish va suvni boshqarish sohalarida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, kartoshkachilik yo‘nalishida Misr tajribasini O‘zbekistonda joriy etish va bu sohada yirik natijalarga erishish borasida istiqbolli rejalar belgilab olindi.






