Agrotexnologiyalar to‘g‘ri joriy etilgandagina dalada natija bo‘ladi
2025-07-10 19:10:00 / Yangiliklar

Bu yerda g‘o‘zaning xorijiy “Xin Lu Zao-52” navi 76×10 sxemada, qo‘shqator qilib ekilgan. Tomchilatib sug‘orish tizimi esa belgilangan standartlarga muvofiq o‘rnatilgan bo‘lib, butun jarayon Xitoy agrotexnologiyasi asosida tashkil etilgan.
Mas’ullarning ma’lumotiga ko‘ra, maydonning har gektariga 240 mingdan ortiq ko‘chat ekilgan va ular hozirda sifatli rivojlanmoqda. Ushbu navning ustunligi shundaki, u nafaqat ko‘sak qurtiga, balki begona o‘tlarni yo‘qotishda ishlatiladigan gerbitsidlarga ham yaxshi chidamli.
Yetishtirish jarayoni zamonaviy yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yilgan: barcha agrotexnik tadbirlar — chopiq, qator oralari ishlovi va sug‘orish intensiv texnologiyalar asosida amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, dala hududining bir qismida 50 kWt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular xo‘jalikka qarashli paxta maydonlari va unga tutash dalalarning sug‘orish hamda elektr ta’minotini to‘liq qoplab bermoqda. Shuningdek, ushbu energiya tizimidan yaqin atrofdagi aholi ham foydalanmoqda. Bunday yondashuv esa iqtisodiy va loyihaviy samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
Vazir ko‘rilgan ishlarni yuqori baholab, innovatsion texnologiyalardan to‘g‘ri va samarali foydalanish, ekinlarni oziqlantirish hamda sug‘orishda belgilangan me’yorlarga qat’iy amal qilish va barcha ishlarni hamjihatlikda olib borish zarurligini ta’kidladi hamda mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.






