Gibrid urug‘ – yuqori hosildorlik kafolati
2025-07-10 11:35:00 / Yangiliklar

Umumiy maydoni 4 gektardan iborat bo‘lgan ushbu korxonada chigit, sholi, g‘alla va makkajo‘xori kabi mahalliy ekinlarning urug‘lari asosida yangi avlod gibrid navlarini yaratish bo‘yicha izchil ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda.
Korxona rahbari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha Xitoy davlati bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, unga umumiy qiymati qariyb 9 million AQSh dollariga teng xorijiy sarmoya jalb etilgan. Barcha moliyaviy xarajatlar Xitoy kompaniyasi tomonidan to‘liq qoplangan.
Korxona faoliyati zamonaviy xorijiy texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, gibrid urug‘larni yaratish, ularning sifat ko‘rsatkichlarini barqaror saqlash hamda yuqori hosildorlikni ta’minlash kabi barcha bosqichlar malakali mutaxassislar nazorati ostida olib borilmoqda.
Vazir korxonadagi faoliyat bilan tanishar ekan, ishlarning tizimli va sifatli yo‘lga qo‘yilganidan mamnunligini bildirib, loyiha doirasini yanada kengaytirish, shuningdek, gibrid urug‘chilikda ilg‘or tamoyillarga qat’iy amal qilish zarurligini ta’kidladi.









