Rezavor mevalar – eksportbop mahsulot sifatida
2025-07-10 10:40:00 / Yangiliklar

Shu ma’noda, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida dastlabki obyekt sifatida Asaka tumanida joylashgan “Modern Greenhouse” MChJ faoliyati bilan tanishgani bejiz emas.
Adirlik hududda joylashgan, 110 gektarlik maydon o‘zlashtirilgan bo‘lib, shundan 45 gektarida “Net-house” texnologiyasi asosida zamonaviy issiqxonalar barpo etilgan. Ushbu maydonlarda malina, qulupnay, bodring, yeryong‘oq, bulg‘or qalampiri va pomidor kabi rezavor va sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. Ayniqsa, 24 gektarda ekilgan malinadan yillik o‘rtacha hosildorlik har gektariga 25 tonnani tashkil etayotgani diqqatga sazovor. Bu esa, eksport salohiyatini oshirishda muhim omil sanaladi.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, hosillar 125 grammdan 1 kilogrammgacha bo‘lgan idishlarda qadoqlanib, hozirda Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Malinaning bir yilda ikki marta — may-iyun va avgust oxirlarida gullab, hosil berishi esa uni yanada jozibador qilmoqda.
Tomchilatib sug‘orish tizimi orqali suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu ayniqsa adirlik hududlarda oqova suv yo‘qligi sababli tanlangan to‘g‘ri yechimdir. Fermer har mavsumda 120 nafardan ortiq mahalliy aholini ish bilan ta’minlab, xorijdan – Belarus, Rossiya, Koreya davlatlaridan sifatli urug‘lik olib kelmoqda. Mahsulotlar yetishtirishda xorijiy tajribaga ega, malakasini oshirib qaytgan mahalliy agronomlar jalb etilgan.
Vazir loyihaga yuksak baho berar ekan, “Rezavor mevalarni yetishtirish – bu nafaqat ichki bozorni sog‘lom mahsulot bilan ta’minlash, balki eksport orqali qo‘shimcha daromad manbai ekanini alohida ta’kidladi. shuningdek, mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlariga ham ommalashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi
Zero, bu kabi yondashuvlar yurtimizda agroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan fermerchilikni rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratish borasida muhim qadamlardir.









