Paxta qabuli: raqamlar aniq, tizim shaffof bo‘lishi kerak
2025-07-07 18:05:00 / Yangiliklar

Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJda aynan shu masalalar muhokama qilindi. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida o‘tgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari, markaziy apparat va tizim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Bosh prokuratura vakillari ishtirok etdi.
Muhokamaning asosiy mavzusi — 2025-yilgi paxta hosilini qabul qilish jarayoni va uni raqamli nazorat qiluvchi “Agrotarozi” tizimi bo‘ldi. Ushbu tizim elektron tarozilar yordamida paxta xomashyosining og‘irligini aniqlab, barcha ma’lumotlarni avtomatik tarzda markaziy bazaga uzatadi. Bu shunchaki texnik yangilik emas. U, eng avvalo, inson omili sabab yuzaga keladigan xatoliklarning oldini olish, fermer ishonchini mustahkamlash va tizimga bo‘lgan ishonchni qayta tiklash vositasidir.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, “Agrotarozi” nafaqat og‘irlikni aniqlaydi, balki laboratoriya natijalarini ham raqamli ko‘rinishda aks ettiradi. Real vaqt rejimida kuzatuv, statistik tahlillar, buxgalteriya hisobotlari va davlat tizimlari bilan to‘liq integratsiya — bularning barchasi bir maqsadga xizmat qiladi: raqamlar rost gapirsin!
Vazir tizimning muvaffaqiyati joylardagi ish tashkil etilishiga bog‘liqligini alohida qayd etdi. Har bir qabul punkti zamonaviy texnika bilan jihozlanishi, har bir xodim esa yangi tizim bo‘yicha o‘qitilib, zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart. Sertifikatlangan mutaxassis — bu shunchaki hujjat emas, balki tizimga bo‘lgan ishonchning kafolatidir.
Shuningdek, paxta qabuli uzluksiz amalga oshirilishi uchun qabul punktlarida 3 smenali ish rejimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Axborot tizimidagi ma’lumotlar ochiqligi, uskunalarning texnik jihatdan yetarli darajada ishlashi va xodimlarning doimiy tayyorgarligi — bularning barchasi islohotlarning ajralmas qismi ekanligi qayd etildi.
Sun’iy intellekt, zamonaviy texnologiyalar va shaffof boshqaruvning barchasi yakdil bir maqsadga xizmat qiladi: mehnat qadrlansin, paxtaning har bir kilogrammi adolatli hisobga olinsin, fermer esa o‘z hosilining haqiqatdagi bahosini olsin.
Yig‘ilish yakunida vazir mas’ullarga qisqa muddat ichida aniq yechimlar ishlab chiqib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Chunki vaqt kam, mavsum yaqin, tizim esa hozirdanoq ishlashi shart.









