O‘zbekiston–Xitoy: Qishloq xo‘jaligidagi hamkorlik izchil mustahkamlanmoqda
2025-06-25 15:45:00 / Yangiliklar

Muloqot avvalida tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik yildan-yilga izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar, tajriba almashinuvi, eksport-import hajmlarining oshgani ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir bir qator muhim yo‘nalishlarni belgilab oldilar. Jumladan, meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlarini chuqur qayta ishlash yo‘nalishida qo‘shma korxonalar tashkil etish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish borasida o‘zaro manfaatli takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, Xitoyda o‘zbekistonlik mutaxassislarni o‘qitish va malaka oshirish masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi. Global iqlim o‘zgarishlari, oziq-ovqat xavfsizligi hamda raqamli texnologiyalar rivoji fonida bu boradagi tajriba almashinuvi nafaqat dolzarb, balki muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv chog‘ida raqamlashtirish, xususan agrodronlardan foydalanish yo‘nalishida hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xitoyning bu boradagi ilg‘or tajribasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini zamonaviylashtirish jarayonida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida B. Oxunov Qishloq xo‘jaligi vazirligi Xitoy bilan o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarga asoslangan hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi.









