O‘zbekiston - Mo‘g‘uliston: sohani rivojlantirishga yo’nalgan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda
2025-06-23 11:50:00 / Yangiliklar

Muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ayniqsa ilm-fan, seleksiya, kadrlar tayyorlash va texnologik innovatsiyalar yo‘nalishida mustahkamlashga qaratildi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, hosildor navlar seleksiyasi va chorvachilikda genetik salohiyatni oshirish bo‘yicha strategik rejalarga urg‘u berildi. Kadrlar almashinuvi va qo‘shma o‘quv-amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhim mavzulardan biri sifatida muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston tomonidan beg‘araz taqdim etilgan yuqori sifatli urug‘liklar, ko‘chatlar hamda suvni tejovchi texnologiyalar Mo‘g‘uliston tomonining katta qiziqish va e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi agrar diplomatiyaning amaliy samaradorligini namoyon etibgina qolmay, balki kelajakda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda mintaqaviy integratsiyani mustahkamlovchi muhim platformaga aylanmoqda.
Tashrif yakunida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlovchi yana bir muhim qadam – O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy institutlar va Mo‘g‘uliston Qishloq xo‘jaligi Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu hujjat kelgusidagi qo‘shma tashabbuslar, ilmiy yutuqlar va innovatsion loyihalar uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.






