Eco Expo Central Asia 2025 — Barqaror qishloq xo‘jaligi sari dadil qadam
2025-06-19 18:30:00 / Yangiliklar

Mazkur ko'rgazmani o'tkazishdan asosiy maqsad — Markaziy Osiyoda ekologik texnologiyalar va barqaror yechimlar sohasida eng keng qamrovli platformani yaratish. Ko'rgazmada 25dan ortiq mamlakatdan 200 dan ortiq kompaniya o'z mahsulotlari bilan ishtirok etishmoqda.
Ko‘rgazma maydonida nafaqat texnologik yutuqlar, balki barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi yondashuvlar, ekologik innovatsiyalar va “yashil” iqtisodiyotning eng ilg‘or mahsulotlari namoyish etiladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligining mazkur stendi esa ushbu yondashuvning yorqin aksidir.
O‘zbekiston olimlari yaratgan yangi avlod navlari, ekologik toza agrotexnologiyalar, sun’iy intellekt asosidagi kuzatuv dronlari, suv tejovchi tizimlar — bularning barchasi stendda o‘z o‘rnini olgan. Xususan, “Mustaqillik”, “Lazurniy”, “UzROS” kabi yuqori hosildor guruch navlari, sorго va amarantning yangi durdonalari, bioo‘g‘itlar va tabiiy stimulyatorlar, portativ tahlil vositalari va kasalliklarni erta aniqlovchi biotestlar — bularning har biri ekologik barqarorlik, innovatsiya va oziq-ovqat xavfsizligining ifodasidir.
Ko‘rgazma doirasida shuningdek, Fransiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida “Agrovoltaik” texnologiyasi — quyosh panellari ostida o‘simliklarga zarar yetkazmasdan poliz ekinlarini yetishtirish imkonini beruvchi tewxnologiyalar namoyish etildi.
Shuningdek, parrandachilik fermalarida ajralib chiqadigan ammiak gazini kamaytiruvchi texnologiya ham e’tiborga havola qilindi. Ushbu tizim ekologik xavfsizlikni ta’minlash bilan birga parrandachilik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmada sho‘r yerlarga mos, qurg‘oqchilikka chidamli sabzavot va poliz ekinlari, shuningdek zaytun va golubika daraxtlari ham namoyish qilinmoqda. Bu esa muayyan agroiqlim sharoitlariga mos navlarni joriy etish borasidagi ilmiy-amaliy izlanishlar natijasidir.
Bundan tashqari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Green Cotton” loyihasi doirasida paxtachilik va sholichilikda resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalariga oid takliflar ilgari surildi.
Mazkur ishlanmalar qishloq xo‘jaligida ekologik barqarorlik, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasidir.









