Toshkent tumanida sabzi eksporti mavsumi boshlandi
2025-06-18 16:00:00 / Yangiliklar

2025-yil hosili uchun tumandagi fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 579 gektar, aholi ixtiyoridagi ijara yerlarida esa 123 gektar maydonga sabzi ekilib, jami 702 gektar yerda hosil yetishtirildi. Ushbu maydonlardan umumiy hisobda 21 ming tonnadan ortiq mahsulot olinishi kutilmoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, “Gʻulommahmud Baraka” agrofirmasi hududida 114 gektar yerda to‘qsonbosti usulida sabzi yetishtirilgan bo‘lib, hozirda bu yerda hosil yigʻim-terim ishlari jadal olib borilmoqda. Pishib yetilgan sabzilar dalaning oʻzida saralanib, bevosita xorijiy bozorga joʻnatilmoqda.
Bu nafaqat mahalliy agroiqtisodiy jarayonlarning faollashganidan dalolat beradi, balki Oʻzbekistonning xalqaro savdo maydonidagi ishonchli pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Toshkent tumanining mo‘l hosilli dalalaridan boshlangan eksport mavsumi – bu yurtimiz mehnatkash dehqonlarining halol mehnati va bilim bilan uyg‘unlashgan agrar siyosatimiz samarasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu kunlarda tumanning barcha hududlarida sabzi yigʻim-terimi davom etmoqda. Oldinda esa bu hosilning xalqaro bozorlarda “Made in Uzbekistan” brendi ostida muvaffaqiyat bilan taqdim etilishi kutilmoqda.



