Zamonaviy bog‘dorchilik loyihasi – eksport va ichki bozorni birdek ko‘zlagan yondashuv
2025-06-17 11:45:00 / Yangiliklar

Ayni paytda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov viloyatga ishchi tashrif bilan bordi va dastlabki manzil sifatida “Kumushkon” qishlog‘idagi mazkur bog‘ni borib ko‘rdi.
56 gektarlik maydonda tashkil etilgan ushbu bog‘ning 32 gektari gilos, 10 gektari olma, 10 gektari nok va 4 gektari malinaga ajratilgan. Eng e’tiborlisi, bu yerda parvarishlanayotgan mevali daraxtlar o‘zini o‘zi changlatish xususiyatiga ega. Bu esa har bir daraxtdan 100 foiz hosil olish imkonini beradi. Aynan shunday texnologik yondashuvlar bugun bog‘dorchilikda hosildorlikni oshirish va barqarorlikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bog‘da ekilgan barcha ko‘chatlar Fransiyadan olib kelingan. Yaratilgan agrotexnologik tizimlar ham zamonaviy: bu yerda to‘liq tomchilatib sug‘orish joriy etilgan. Sug‘orishda foydalanilayotgan suv esa quyosh panellaridan olinayotgan elektr quvvati orqali ta’minlanadi. Suv maxsus yig‘ma havzada to‘planadi va tabiiy nishablik orqali bosim hosil qilgan holda bog‘ni sug‘oradi. Bunday yondashuv — xarajatni kamaytirish, energiyani tejash, eng muhimi, mehnat unumdorligini oshirishning yaqqol namunasi.
Bugungi kunda bog‘dagi gilosning 100 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Olma va malina esa ichki bozorga – import o‘rnini bosish maqsadida realizatsiya qilinadi. Bu esa nafaqat foyda manbai, balki oziq-ovqat xavfsizligi va mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil sanaladi.
Tadbirkor esa bu ish bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Uning aytishicha, yaqin kelajakda yana 500 gektar yerda yangi bog‘ barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bu — yurtimiz bog‘larida nafaqat meva, balki yangi imkoniyatlar pishib yetilayotganining yaqqol isbotidir.
Eng e’tiborli jihati shundaki, ushbu bog‘ hududida maxsus tajriba maydoni tashkil etilgan. Bu yerda xorijdan olib kelingan ko‘chatlar avvalo sinovdan o‘tkaziladi. Har bir daraxt, har bir nav qanday iqlimda, qanday sharoitda qanday natija berishi — bevosita shu yerning o‘zida kuzatilib, tahlil qilinadi.
Bu esa bog‘ni oddiy xo‘jalik emas, ilmiy yondashuv asosida tashkil etilgan tajriba markaziga aylantiradi. Ilmiy ishlanmalar, agrotexnologik yechimlar shu joyning o‘zida, sinovdan o‘tadi. Ya’ni, bu yerda faqat daraxt emas, bilim, tajriba, texnologiya ham "o‘sadi", yetiladi.
“Meridian Tempo”ning eng katta yutug‘i ham aynan shunda – ilmga tayangan ishlab chiqarish, ilmga tayanib eksport qilish va ilm bilan raqobatbardosh bo‘lish. Bu esa nafaqat o‘z bog‘i, balki butun soha uchun muhim tajriba maktabiga aylanish yo‘lida qo‘yilgan dadil qadamdir.









