O‘zbekiston – Germaniya: Agrosug‘urta sohasida tajriba va hamkorlik almashinuvi
2025-06-16 09:20:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida delegatsiya dunyodagi yetakchi qayta sug‘urta kompaniyalaridan biri — Munich Re mutaxassislari bilan uchrashdi. Mazkur kompaniya jahon miqyosida qishloq xo‘jaligi xavflarini baholash va qayta sug‘urtalash sohasida katta tajribaga ega bo‘lib, zamonaviy, indeksga asoslangan agrosug‘urta yechimlarini amaliyotga joriy etib kelmoqda.
Uchrashuv davomida agrosug‘urta tizimini rivojlantirishda geoanalitik tahlillar, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida qurg‘oqchilik, shamolbo‘ron, sovuq urish va boshqa xavflarni baholash, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida subsidiyalashgan sug‘urta mexanizmlarining muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar fermerlar malakasini oshirish hamda ular orasida sug‘urtaga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish masalalari yuzasidan ham fikr almashishdi.
Shuningdek, delegatsiya Raiffeisen-Waren GmbH Erdinger agrologistika markaziga tashrif buyurib, kompaniyaning kompleks agroxizmatlarini ko‘zdan kechirdi. Germaniyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish, urug‘chilik, o‘g‘itlar, agrotexnika va agronomik maslahat xizmatlarini qamrab olgan ushbu kompaniya fermerlar bilan yaqin kooperatsiyada ishlaydigan zamonaviy servis modelini namoyish etdi.
Tashrif doirasida delegatsiya Germaniyadagi xususiy sug‘urta kompaniyalarini birlashtiruvchi asosiy tashkilot — German Insurance Association (GDV) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Sug‘urta bozorida raqobatbardoshlikni ta’minlash, agrar sug‘urta yechimlarini standartlashtirish, xavf tahlili va raqamli yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya, shuningdek, Germaniya Federativ Respublikasi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi (BMEL)da ham uchrashuv o‘tkazdi. Germaniyadagi agrosug‘urta tizimi, tabiiy xavflardan ko‘riladigan zararlarni baholash, fermerlarning iqtisodiy himoyasi va qayta sug‘urta mexanizmlari bo‘yicha institutsional yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Germaniya tajribasi, jumladan, Yevropa Ittifoqining Umumiy qishloq xo‘jaligi siyosati doirasidagi subsidiyalash tizimi, xavflarni boshqarishda sug‘urtaning o‘rni va fermerlar o‘rtasidagi sug‘urta madaniyati O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyatga ega.



