RADDIYA
2025-06-11 21:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasiga muvofiq, fermer xo‘jaligi — bu ijara asosida yer uchastkalaridan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyekti hisoblanadi. Shuningdek, mazkur qonunning 22-moddasida fermer xo‘jaliklari faoliyatiga davlat organlari, boshqa tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan aralashish taqiqlangani qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24-moddasiga asosan, yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish faqat taraflar o‘zaro kelishuvi asosida yoki sud qaroridan kelib chiqib amalga oshirilishi mumkin. Demak, har qanday tashqi bosim, tahdid yoki majburlash orqali fermerlarni yerdan mahrum qilishga urinish — amaldagi qonunchilikka mutlaqo ziddir.
Uchinchidan, Yer kodeksining 16-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yerlar davlat mulki hisoblanadi. Yer bilan bog‘liq mulkiy munosabatlar qat’iy tartibga solingan bo‘lib, xorijiy fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yerni mulk huquqi asosida berish taqiqlangan. Shu bois, xitoylik fuqarolar yoki kompaniyalarga yer ajratilishi haqidagi bayonotlar asossiz, qonunga zid va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, videomurojaatda bayon etilgan ayrim gap-so‘zlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining siyosat va prinsiplariga, shuningdek, mamlakatimiz qonunchiligiga zid bo‘lib, mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi barcha fermer xo‘jaliklari, agrofirma va agroklasterlar uchun tinch, barqaror va qonuniy faoliyat yuritish imkonini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, adolatli va teng munosabatda bo‘lish tamoyillariga qat’iy sodiqligini yana bir bor ta’kidlaydi.
Investitsiya jalb etish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish — bu albatta muhim vazifalardandir. Biroq bu jarayonlar faqat ixtiyoriylik, qonuniylik va tenglik tamoyillari asosida amalga oshirilishi shart.
Shu munosabat bilan barcha fermer va tadbirkorlarni o‘z huquq va manfaatlarini bilishga, noqonuniy aralashuvlarga qarshi qonuniy choralar ko‘rishga chaqiramiz. Bunday holatlar yuz berganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yoki prokuratura organlariga murojaat etishingizni so‘raymiz.
