O‘zbekiston va X5 Group o‘rtasida eksportni rivojlantirishga qaratilgan shartnoma imzolandi
2025-06-11 19:10:00 / Yangiliklar

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda X5 Group o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Mazkur shartnoma asosida tomonlar milliy brend ostida xalqaro bozor rastalariga olib chiqish, eksport jarayonlarini soddalashtirish, xalqaro standartlarga javob beruvchi ishlab chiqarish va qadoqlash tizimlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirishmoqda.
Muzokaralarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya bozoriga eksport qilish, zamonaviy logistika zanjirlarini shakllantirish hamda raqobatbardosh ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
X5 Group vakillari O‘zbekistonning boy agroresurslari, qulay tabiiy-iqlimiy sharoiti hamda yuqori sifatli mahsulot yetishtirish salohiyatini yuqori baholab, mazkur hamkorlikning uzoq muddatli va strategik ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladilar.
Ma’lumot uchun: X5 Group — Rossiyaning 75 ta mintaqasida faoliyat yurituvchi yirik chakana savdo kompaniyasi bo‘lib, 30 mingga yaqin do‘konga egalik qiladi. Kompaniya “Pyatyorochka”, “Perekryostok”, “Chijik”, “Okolo”, “Viktoriya”, “Krasniy Yar” va “Slata” kabi mashhur savdo tarmoqlari orqali keng tanilgan.
2025-yil boshiga kelib, X5 Group 432 mingdan ortiq xodimni ish bilan ta’minlagan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik ish beruvchilardan biri hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya 1500 dan ortiq xorijiy yetkazib beruvchi bilan hamkorlik qiladi va o‘zining zamonaviy logistika tizimini doimiy ravishda takomillashtirib bormoqda.
O‘zbekiston va X5 Group o‘rtasida imzolangan mazkur hamkorlik bitimi qishloq xo‘jaligi sohasiga xalqaro investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va milliy mahsulotlarimizni jahon bozorlariga olib chiqishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.




