O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida savdo aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2025-06-06 12:25:00 / Yangiliklar

Ko‘rgazmada "Agro Star" kompaniyasining ho‘l va quritilgan mevalari, "Sabe" kompaniyasining muzqaymoq mahsulotlari, shuningdek, bir qator mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar keng namoyish etilmoqda. Tashrif buyuruvchilar uchun maxsus degustatsiya burchagi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda mahsulotlarni sinab ko‘rish imkoniyati yaratilgan.
Quvonarli tomoni shundaki, mahalliy aholi va tadbirkorlar tomonidan mahsulotlar ta’mi, sifati va turliligiga yuqori baho berilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan muzqaymoq, ziravorlar, qandolat mahsulotlari, milliy taomlar va ho‘l mevalarga katta qiziqish kuzatilmoqda.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimi Gruziya Respublikasining yuqori martabali davlat tashkilotlari rahbarlari, O‘zbekistonning Ozarbayjon va Gruziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxanov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining mas’ul rahbarlari ishtirokida tantanali ravishda amalga oshirildi.
Tadbir doirasida mehmonlar o‘zbek mahsulotlari bilan yaqindan tanishishdi va ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashishdi.
Ko‘rgazma doirasida o‘tkazilgan biznes-forum va B2B uchrashuvlar natijasida o‘zbek tadbirkorlari tomonidan 3 million AQSH dollari miqdoridagi eksport shartnomalariga erishildi. Ayni paytda yirik gruzin chakana savdo tarmoqlari bilan muzokaralar davom etmoqda.









