San’at orqali muloqot: O‘zbekiston–Polsha madaniyat kuni o‘tkazildi
2025-06-05 17:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda universitetlar nafaqat ilm-fan maskani, balki xalqlarni bog‘lovchi ko‘prik sifatida ham muhim rol o‘ynamoqda. Tadbir doirasida Polshaning WSBU universiteti xalqaro bo‘limi rahbari P. Urgacz taqdimot bilan ishtirok etdi. Unda u polshalik talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ta’lim yo‘nalishlarining xilma-xilligi va O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu esa yoshlar tasavvurida yangi ufqlarni ochdi, orzulariga xalqaro ruh bag‘ishladi.
Tadbir davomida “Agrar yulduzlari” va “Feruza” ansambllari sahnani milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar va jozibador ohanglar bilan bezadi. O‘zbek milliy musiqasi bilan uyg‘unlashgan polyakcha taronalar esa xalqaro do‘stlik qanday ohangga ega bo‘lishi mumkinligini amalda namoyon etdi.
O‘zbekiston va Polsha madaniyatlari chorrahasida tashkil etilgan ushbu uchrashuv ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi. Zero, madaniyat — bu tilsiz, ammo yurak bilan tinglanadigan muloqotdir.







