G‘o‘zada o‘rgimchakkanaga qarshi samarali kurash: tavsiyalar va yondashuvlar
2025-06-05 11:50:00 / Yangiliklar

Zarari qanday?
O‘simlikning o‘sishini 10–15 kungacha sekinlashtiradi.
Zararlangan barglarning ustki tomoni qizaradi, gul va shonalar to‘kila boshlaydi, natijada hosil miqdori kamayadi.
Oldini olish choralari:
Dalani begona o‘tlardan muntazam tozalash kerak. G‘o‘zani chanqatmaslik, ya’ni suv bilan yetarli ta’minlash zarur. Daraxtlar, ariq va zovurlarni kuzatib borish, ular orqali zararkunandaning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Dala chetlari va ichiga ISO (oltingugurt + ohak) qaynatmasi bilan muntazam ishlov berish kerak.
Dala chetidagi tutzorlar shoxlarini vaqtida va sifatli tarzda kesib borish lozim.
Biologik kurash:
Agar o‘rgimchakkana endigina tarqalayotgan bo‘lsa yoki hali ko‘zga tashlanmasa:
Oltinko‘z entomofagidan 3000–4000 dona miqdorda, har 20 kunda, 3 martagacha qo‘llash tavsiya etiladi.
Bu ekologik xavfsiz va foydali usul hisoblanadi.
Kimyoviy kurash:
Agar har bir bargda 15–20 ta o‘rgimchakkana aniqlansa:
Kechki payt yoki erta tongda quyidagi tarkibli vositalardan biri bilan ish olib boriladi:
1. Geksiatsioks + Propargit
2. Bifenazat
3. Bifenazat + Abamektin
Muhim eslatmalar:
Bir marta ishlatilgan preparatni takror ishlatmang.
Preparatlarni kuchsizdan kuchlirog‘iga qarab tanlab qo‘llang.
Ariq va zovur suvidan foydalanmang.
O‘rgimchakkana erta aniqlansa, hosil saqlanadi va o‘simlik tez tiklanadi.
