Vaqtdan yutganni — mo‘l hosil kutadi
2025-06-04 15:15:00 / Yangiliklar

Mazkur xo‘jalikning 28 gektarlik g‘alla dalasida bug‘doyning “Krasnodar” navidan mo‘l hosil olinmoqda. Ayni paytda o‘rim ishlari qizg‘in tus olgan — har gektardan 70 sentnergacha hosil olinayotgani ushbu hudud uchun yuqori ko‘rsatkich sanaladi.
Dalada faqat bug‘doy yetishtirish bilangina cheklanilmayapti. O‘rim jarayoniga parallel ravishda yer haydash ishlari ham olib borilmoqda. Ya’ni, fermer dalani takroriy ekin uchun tayyorlamoqda. Bu esa zamonaviy agrotexnika imkoniyatlaridan samarali foydalanilayotganini va yer unumdorligini oshirishga qaratilgan puxta rejalashtirilgan ish olib borilayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, bu tajribaning asosiy afzalliklaridan biri — yer namligi yo‘qolmasdan, texnika ortiqcha yuklamalarsiz ishlayapti. Fermerning aytishicha, takroriy ekin sifatida ushbu maydonga mosh va sabzi ekilishi rejalashtirilgan.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov bu tajribani yuqori baholab, uni boshqa hududlarda ham keng joriy etish zarurligini ta’kidladi. Chunki fermerning vaqtni samarali boshqarib, yerda ikki marta hosil yetishtirishga bo‘lgan intilishi nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki butun mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Nishonlik fermerning bunday ilg‘or yondashuvi, shubhasiz, boshqa hududlar uchun ham ibrat bo‘la oladi. Bu kabi tajribalar qishloq xo‘jaligida sermahsullik va barqarorlik sari ishonchli qadamdir.









