Cho‘l hududidagi bug‘doy maydonidan yuqori hosil kutilmoqda
2025-06-04 11:15:00 / Yangiliklar

Aksariyat hollarda cho‘l zonasi deyilganida qumli, jazirama iqlim tasavvuri yuzaga keladi. Biroq bu safar vaziyat butunlay boshqacha: yashillikka burkangan dalalar, mo‘l hosil va zamonaviy agrotexnologik yondashuvlar diqqatni tortdi.
Mazkur maydonda “Turkiston” bug‘doy navi ekilgan bo‘lib, ayni paytda o‘rim-terim ishlari qizg‘in davom etmoqda. Yangi agrotexnologiyalar va samarali agrotexnik tadbirlar natijasida har bir gektardan 55-60 sentnergacha hosil olinishi kutilmoqda. Bu esa cho‘l hududi sharoiti uchun juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bunday natijalarga erishilishida fermer xo‘jaligi tomonidan barcha agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani muhim omil bo‘ldi. Jarayonlarda ilm, tajriba va innovatsion yondashuvlar yaqqol seziladi.
Natijada xo‘jalik o‘z daromadlari hisobiga shaxsiy kombayn texnikalarini xarid qilgan. Endilikda o‘rim-terim ishlari ilgari ijaraga olingan texnikalar emas, balki xo‘jalikning o‘ziga tegishli kombaynlar orqali amalga oshirilmoqda.
E’tiborlisi, mazkur fermer xo‘jaligi qo‘shni xo‘jaliklarga ham shartnoma asosida xizmat ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘zaro hamkorlik va kooperatsiya tamoyillarining amaldagi ifodasi bo‘lib, butun qishloq xo‘jaligi tizimi uchun muhim tajriba maktabidir.









