“Belagro – 2025”: Milliy mahsulotlar — xalqaro e’tirof
2025-06-03 16:25:00 / Yangiliklar

Ushbu nufuzli anjumanda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, Eron kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan delegatsiyalar va ishbilarmon doira vakillari qatorida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham o‘zining eksportbop, ekologik toza hamda raqobatbardosh mahsulotlari bilan faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston stendida taqdim etilayotgan quritilgan mevalar, shok usulida muzlatilgan sabzavot va mevalar, shuningdek, milliy taomlarimiz xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Minsk shampan zavodi bilan hamkorlikda vino mahsulotlari uchun xom ashyoni eksport qilish yuzasidan “Shato Sog‘diana” va “Original” kabi nufuzli korxonalar o‘rtasida istiqbolli kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bozoriga yuqori sifatli mol go‘shtini maqbul narxlarda yetkazib berish bo‘yicha yangi hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu kelishuvlar mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorni barqaror mahsulot bilan ta’minlash va eksport salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur ko‘rgazmadagi faol ishtirok O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasining innovatsion rivojlanishi, xalqaro maydonda milliy brendingni mustahkamlash hamda yangi eksport bozorlariga yo‘l ochishda muhim qadam hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, “Belagro – 2025” xalqaro ko‘rgazmasi 7-iyunga qadar davom etadi.






