Qashqadaryo: ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi
2025-06-03 13:20:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida ishchi guruh a’zolari Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — voha qishloq xo‘jaligida dolzarb bo‘lgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsion yondashuvlar va ularning amaliyotdagi qo‘llanilish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat.
Institutda ayniqsa o‘simliklar biotexnologiyasi yo‘nalishida, jumladan, in-vitro usuli orqali mahalliy iqlimga mos yangi o‘simlik navlarini yetishtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdim etildi. Bu jarayon chet eldan olib kelingan navlarni mahalliy agroiqlim sharoitiga moslashtirish, ularni sinovdan o‘tkazish va keyinchalik keng miqyosda amaliyotga tatbiq etishni o‘z ichiga oladi.
Institut olimlari tomonidan bug‘doyning qurg‘oqchilikka, sho‘rlikka va yuqori haroratga chidamli yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, shuningdek, tajriba-sinov maydonlarida erishilgan dastlabki natijalar haqida ham ma’lumot berildi. Bugungi kunda mazkur ilmiy markaz voha sharoitida agrotexnik yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishda muhim ilmiy bazaga aylangan.
Ishchi guruh a’zolari institutning zamonaviy laboratoriyalari, ilmiy sinov maydonlari va xodimlar uchun yaratilgan infratuzilmalar bilan ham tanishdilar. Dala-tajriba maydonlarida bug‘doy, arpa, tariq, yasmiq, zig‘ir va makkajo‘xori kabi ekinlarning yangi avlodlari sinovdan o‘tkazilayotgani, ularning hosildorligi, iqlimga mosligi va kasalliklarga chidamliligi bo‘yicha chuqur o‘rganishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Shu yerning o‘zida xorijiy bug‘doy navlarining O‘zbekiston iqlim sharoitiga moslashuv darajasi, ularning hosildorligi, boshoqlardagi donlar soni va vazni, vegetatsiya davri kabi omillar xususida mutaxassislar va olimlar o‘rtasida fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, bunday tashriflar hududiy ilmiy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyot bilan yaqinlashtirish, ilmiy yutuqlarni keng joriy etish va joylarda innovatsion yondashuvlar asosida barqaror qishloq xo‘jaligini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









