O‘zbekiston-Yaponiya: qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimi bo‘yicha tajriba
2025-06-02 10:40:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida delegatsiya Yamanashi prefekturasiga tashrif buyurdi va u yerda “Nosai Yamanashi” sug‘urta tashkiloti direktori janob Misayuki Xiguchi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Yaponiyaning hududiy sug‘urtalash modeli bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda, sug‘urta tizimini prefektura darajasida tashkil etish mexanizmlari, fermer xo‘jaliklari tomonidan ko‘rilgan zararlarni rasmiylashtirish tartibi, arizalarni qabul qilish va kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirishda raqamlashtirish jarayonlari bo‘yicha fikr almashildi.
Ma’lumot uchun: Nosai — Yaponiyada qishloq xo‘jaligini o‘zaro sug‘urtalash tizimi bo‘lib, mamlakat Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilik vazirligi (MAFF) nazorati ostida faoliyat yuritadi. Ushbu tizim 1947 yilda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi ofatlari kompensatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun asosida tashkil etilgan va bugungi kunda 200 dan ortiq hududlarda faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, sug‘urtaga a’zolik badallari hisob-kitobi, davlat tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan ham batafsil ma’lumotlar olindi.
“Nosai” tashkiloti tomonidan O‘zbekistonda zamonaviy qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini joriy etish borasidagi tashabbus yuqori baholanib, ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.
Jumladan, Yaponiyaning amaliy tajribasi bilan yaqindan tanishish maqsadida 2025–2026 yillarda o‘zbek mutaxassislarini stajirovkaga qabul qilish imkoniyati muhokama qilindi.



