Xorijiy navlarni parvarishlash to‘g‘ri va tizimli yondashuvni talab etadi
2025-05-31 18:25:00 / Yangiliklar

Mazkur maydonning umumiy maydoni 1600 gektardan iborat bo‘lib, bu yerda g‘o‘zaning xorijiy navlari standartlarga xos tarzda, xususan 76×10 sxemada, qo‘shqator qilib, plyonka ostiga olingan holda ekilgan.
Vazir tashrif chog‘ida dalaning 25 gektarlik konturida tatbiq etilayotgan agrotexnik amaliyotlar bilan tanishdi. Mas’ullarga ko‘ra, yetishtirilayotgan xorijiy navlar iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan bo‘lib, yuqori hosil olish uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Albatta, hosilning yuqori bo‘lishi, ekinlarning sog‘lom va sifatli o‘sishi birlamchi ahamiyatga ega. Shu bois, dalada mehnat qilayotgan soha mutaxassislari Paxtachilik kengashi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan maxsus uslubiy qo‘llanmaga to‘liq rioya etgan holda ish tutmoqdalar.
Vazir jarayonlarni kuzatar ekan, navlarni oziqlantirish va sug‘orishda me’yorga amal qilish, bu borada hamjihat bo‘lib, eng to‘g‘ri yondashuvlarni muntazam tatbiq etish, g‘o‘zaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalarini berdi.




