Paxtachilikda hosil bilan birga mas'uliyat ham yetishtiriladi
2025-05-31 15:25:00 / Yangiliklar

Bu dalaga paxtaning "Sulton" navi 76/10 sxemasi asosida yakkaqator qilib ekilgan. Ikkinchi oziqlantirish ishlari qizg‘in olib borilayotgan bir paytda vazir dalaning holatini ko‘zdan kechirdi va amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadi.
Fermerning o‘zi esa joriy mavsumda 50 sentnerga yaqin hosil olishni mo‘ljallayotganini ta’kidladi. Bu, shubhasiz, paxtachilikda mehnat, intizom va ilmiy yondashuv uyg‘unligining mahsuli. Vazir esa keyingi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish borasida tavsiyalarini berdi. Bu tavsiyalar nafaqat ushbu xo‘jalik, balki butun tuman fermerlari uchun muhim yo‘l-yo‘riq bo‘la oladi.
Ammo har bir tashrif — faqat yutuqlarni emas, balki muammolarni ham ko‘rsatadi. Vazir "Umid" fermer xo‘jaligiga qarashli paxta dalasiga ham tashrif buyurdi. Bu galgi 3,5 gektarlik maydonda paxtaning mahalliy navi yakkaqator qilib ekilgan, dalaning holati esa xavotirli edi. O‘suv davri me’yorida emas, agrotexnik tadbirlarda esa bir qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Shu bois, vazir mutasaddilar, fermer va Paxtachilik kengashi a’zolariga murojaat qilib, hali ham kech emasligini, dalani jonlantirish uchun "Biovak" hamda "Oksigumat" preparatlari bilan ishlov berish zarurligini alohida ta’kidladi. Qolaversa, nazoratni kuchaytirish, dalaning har bir qarichida natijaga ishlash lozimligini ta'kidlab o'tdi.









