Endi qurg‘oqchil yerda ham sholi yetishtiriladi
2025-05-27 13:35:00 / Yangiliklar

Yaponiya tajribasiga asoslanib, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti stajyor-tadqiqotchisi Muhammadali Xoldarov yangi usulni sinovdan o‘tkazmoqda. Loyiha asosiy maqsadlari — suvdan tejamkor foydalanish, metan gazining chiqarilishini kamaytirish hamda ekologik toza hosil yetishtirishdan iborat.
Innovatsion yondashuv doirasida sholi an’anaviy sug‘orilgan yerlarda emas, balki maxsus ishlov berilgan quruq dalalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekilmoqda.
Hozirgi vaqtda tajriba ishlari Sirdaryo viloyatidagi “Yangiyo‘l guruch ta’minot” sholichilik klasteri hamda Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydonida olib borilmoqda. Tajriba ustidan doimiy monitoring va kuzatuv ishlari olib borilayotgani ushbu loyiha jiddiyligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Agar bu yangi agrotexnologiya o‘zini oqlasa, kelajakda uni butun respublika bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan. Bu esa suv tanqisligi muammosini yengillashtirish bilan birga, atrof-muhitga zarar yetkazmasdan sholi hosildorligini oshirish imkonini beradi.




