O‘zbekiston-Tojikiston: iqlim o‘zgarishlari sharoitida agrar taraqqiyot sari qo‘shma qadamlar
2025-05-24 19:10:00 / Yangiliklar

Seminarda O‘zbekiston va Tojikiston qishloq xo‘jaligi vazirlari soha taraqqiyotiga oid o‘z qarashlarini bildirib, zamonaviy tahdidlar — ayniqsa iqlim o‘zgarishlari fonida — agrar siyosatda qanday yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladilar.
Ibrohim Abdurahmonov o‘z nutqida qishloq xo‘jaligi har ikki davlat iqtisodiyotining tarixiy tayanchi bo‘lib kelganini aytib o'tdi. So‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik va konstruktiv muloqot nafaqat siyosiy, balki amaliy natijalar bilan boyimoqda.
Buni Hisor va Xo‘jand shaharlarida tashkil etilgan 70 gektarlik “Do‘stlik bog‘lari” yaqqol isbotlab turibdi. Bu bog‘larda 46 mingdan ortiq shaftoli, olxo‘ri va o‘rik daraxti nihollari ekilgan. Bu — faqat daraxt emas, ikki xalq do‘stligining ildiz otgan timsolidir.
Seminarda qayd etilganidek, bu boradagi sa’y-harakatlar nafaqat iqtisodiy, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
G‘allachilik yo‘nalishida ham ikki davlat samarali hamkorlik qilmoqda. So'g'd viloyatida 100 gektar maydonga yuqori hosildor o‘zbek bug‘doy navlari ekilib, har gektardan 100 sentnergacha hosil olish ko‘zda tutilmoqda.
Tadbir davomida ikki davlat olimlari ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etib, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, ilmiy yutuqlar va ularning real hayotga ta’siri haqida atroflicha ma’lumot berishdi. O‘zbekistonlik olimlar bugungi kunda erishilayotgan muvaffaqiyatlar zamirida turgan ilmiy asoslar, agrotexnologik yondashuvlar va innovatsiyalar haqida baham ko‘rishdi.
Bundan tashqari, seminar doirasida qishloq xo‘jaligining bir qator yo‘nalishlari — chorvachilik, bog‘dorchilik, urug‘chilik va sug‘orish tizimlari bo‘yicha ikki davlat mutaxassislari o‘z taqdimotlarini o‘tkazishdi.
Shubhasiz, bunday uchrashuvlar ikki xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi agrar siyosatni yanada uyg‘unlashtirish, ilmiy va amaliy tajriba almashuvini kuchaytirish yo‘lida muhim qadamlardir.
Bugungi seminar nafaqat ilmiy almashuv maydoni, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik ruhi namoyon bo‘ladigan samimiy muloqot maydoniga aylandi.









