O‘zbekiston va Tojikiston: strategik sheriklik va ittifoqchilikning amaliy natijasi
2025-05-24 18:55:00 / Yangiliklar

“Oybek” chegara o‘tkazish punktida vazirni Tojikiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Qurbon Hakimzoda shaxsan kutib oldi.
Tashrif Xo‘jand shahrida davom etdi. Tojikiston Bosh vaziri o‘rinbosari Sulaymon Ziyozoda Rizoi ham tashrif doirasidagi tadbirlarda hamrohlik qildi. Har bir uchrashuv, har bir tashrif – ikki tomonlama aloqalarning mazmunan boyib borayotganidan darak beradi.
Delegatsiya a’zolari “Iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish” mavzusidagi seminarning amaliy qismi sifatida So'g‘d viloyatida joylashgan Dehqonchilik instituti filialiga tashrif buyurib, bu yerda O‘zbekistonning Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda ekilgan introduksiya qilingan bug‘doy navlari maydonini ko‘zdan kechirishdi. Bu maydonlarda O‘zbekistonda yaratilgan 10 ta istiqbolli bug‘doy navi sinovdan o‘tkazilmoqda. Ilm va amaliyot uyg‘unligidagi bu loyiha ikki mamlakat ilmiy salohiyatining qo‘shilishidan paydo bo‘lgan yangi natijadir.
Tashrif doirasida Somgor bazasidagi 40 gektarlik maydonda o‘sayotgan “Nodir” va “Davr” navli bug‘doylar hamda Maxsus mulklar agentligi yer maydonida yetishtirilayotgan “Asr” va “Qadr” navlari ham ko‘zdan kechirildi. Ekishdan tortib parvarish va o‘rim-terimgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda o‘zbekistonlik mutaxassislar tojikistonlik hamkasblari bilan bevosita hamkorlikda ish olib bormoqda.
Bu jarayon, aslida, ikki xalq orasidagi do‘stlikning dalasi, mustahkam rishtalarning dalilidir. Bugun O‘zbekistonlik olimlar va agrar sohasi vakillari Tojikistonning iqlimiga mos, serhosil urug‘liklar, bog‘dorchilik namunalari orqali nafaqat tajriba o‘tkazmoqda, balki bilim va texnologiyalar almashinuvi asosida qo‘shni yurtda agrar sohaning rivojiga hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining siyosiy irodasi, ikki tomonlama muloqotlari qishloq xo‘jaligi sohasida ham sermahsul natijalar berayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Bugun dalalarda o‘sayotgan g‘alla nihollari – bu faqat hosil emas, bu ikki xalqning tinchligi, do‘stligi va birgalikda yaratgan kelajagining timsolidir.









