Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha yangi tashabbus
2025-05-19 17:55:00 / Yangiliklar

Muloqot chog‘ida global iqlim o‘zgarishlari sharoitida gidromodul rayonlashtirish va sug‘orish rejimlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati muhokama qilindi. Tomonlar “Bugungi iqlim sharoitlaridan kelib chiqib gidromodul rayonlashtirishni moslashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish rejimlarini yangilash” loyihasining dastlabki bosqichlarini ko‘rib chiqishdi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish borasida muhim yutuqlarga erishildi. Uchrashuv davomida mazkur yutuqlar tahlil qilinar ekan, yangi loyiha ushbu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi ekani alohida qayd etildi.
Statistik ma’lumotlar asosida loyihaning amaliy qiymati va ahamiyati yuqori baholandi. Gidromodul rayonlashtirish tizimini qayta ko‘rib chiqish va zamonaviy sug‘orish rejimlarini ishlab chiqish — nafaqat suv sarfini kamaytirish, balki yuqori hosildor navlardan samarali foydalanish imkonini yaratadi.
Global iqlim o‘zgarishi, tuproq unumdorligidagi o‘zgarishlar sharoitida qishloq xo‘jaligiga ilm-fan va innovatsiyalarni tatbiq etish dolzarb masalaga aylangan. Shu bois, hozirgi kunda suvsizlikka chidamli, serhosil navlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Yangi loyiha esa bu jarayonni yanada chuqurlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Muloqot davomida mavjud gidromodul rayonlashtirish va sug‘orish usullarini chuqur tahlil qilish, tajriba uchun maxsus obyekt va hududlarni tanlash, pilot hududlarda yangicha metodologiyalarni sinovdan o‘tkazish, ermerlar va agronomlar uchun amaliy trening va seminarlar tashkil etish bo'yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida esa loyihani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha keyingi aniq qadamlar belgilab olindi.







