Qishloq xo‘jaligi vaziri navbatdagi tadbirkorlar uchrashuvini agroklaster rahbarlari bilan tashkil etdi
2025-05-17 14:15:00 / Yangiliklar

Mazkur yig‘ilishda avvalo mahalliy va xorijiy paxta navlarini tizimli asosda yetishtirish, ekinlar parvarishiga oid ilg‘or agrotexnik yondashuvlarni joriy etish rejalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tizim oldida turgan dolzarb muammolarni hal etish, hosildorlikni oshirish, yangi navlar va ularni ekish sxemalarini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, xorijiy va mahalliy navlarni tomchilatib sug‘orish tizimi asosida oziqlantirish, begona o‘tlarni yo‘q qilish, o‘g‘itlardan foydalanishda izchillik va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, chorva uchun ozuqa bazasini mustahkamlash, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlardagi katta yer maydonlarida ozuqaviy ekinlarni yetishtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Muloqot davomida xorijda faoliyat yuritayotgan klaster rahbarlarining amaliyotdagi muammolari, ularning yechimiga doir ochiq fikrlar eshitildi hamda aniq rejalar belgilandi.
Tadbirkorlar, xususan, Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun zarur texnik uskunalar va mahalliy ishchi kuchini jalb etish borasida muammolarga duch kelayotganini ta’kidladilar. Shunga o‘xshash muammolar boshqa hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan ham qayd etildi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov ushbu masalalarni zudlik bilan ijobiy hal etish, yer ajratish ishlariga oid muammolarni bartaraf etish, ekin yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirish, to‘qimachilik sanoatida texnik ta’minotni mustahkamlash va litsenziya, hujjatlarni rasmiylashtirish amaliyotini yengillashtirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Yig‘ilish yakunida vazir mutasaddilarga tizimda mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni samarali hal etish, tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator vazifalarni topshirdi.









