Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi
2025-05-17 14:10:00 / Yangiliklar

Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli departament va boshqarma rahbarlari, shuningdek, fuqarolik jamiyatlari institutlari vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishda dastlab, PF-124-son farmon ijrosini ta'minlash masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilish kun tartibida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, oziq-ovqat mahsulotlari aylanishi, eksport jarayonlari, elektron tizimlarni joriy etish va sohada halollik, vatanparvarlik tamoyillarini mustahkamlash kabi muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
2025-yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda olib borilayotgan agrotekhnik tadbirlar haqida axborot berildi. Mavjud holat, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning samaradorligi keng muhokama qilindi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish jarayonida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurati ta’kidlandi. Bu orqali sifat va xavfsizlikni ta’minlash, ayrim muammolarning oldini olish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportida insoniylik, vatanparvarlik va halollik tamoyillarini kuchaytirish masalasi yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Mazkur masalada javobgar rahbarlar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
Boshoqli don ekinlari o‘rim-yig‘im mavsumiga tayyorgarlik ishlari va “E-tarozi” tizimi bilan “Hosil qabul qilish” axborot tizimini integratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot tinglandi. Elektron tizimlar orqali shaffoflik va nazoratni ta’minlash dolzarbligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida sohadagi muammolar yuzasidan tegishli qaror va tavsiyalar qabul qilindi. Jamoatchilik nazorati asosida tashkil etilgan bu kabi ochiq muhokamalar qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









